Ushbu hujjat O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 367-moddasiga muvofiq, "Manzili Uz" platformasidan foydalanish bo'yicha rasmiy taklif (ommaviy oferta) hisoblanadi. Telegram orqali Mini ilovani ochib, ro'yxatdan o'tgan har bir foydalanuvchi (mijoz yoki tadbirkor) ushbu ofertaning barcha shartlariga to'liq rozilik bildirgan deb hisoblanadi.
1. UMUMIY QOIDALAR
1.1. "Manzili Uz" — O'zbekiston hududidagi tadbirkorlar, xizmat ko'rsatuvchilar, ularning xizmatlari, mahsulot va tovarlari manzillarini bir joyga to'plagan elektron platforma (keyingi o'rinda — "Platforma" yoki "Xizmat").
1.2. Platforma TELEGRAM MINI ILOVASI ko'rinishida ishlaydi va @manziliuzbot bot orqali ochiladi. Alohida Android yoki iOS ilovasini yuklab olish talab etilmaydi.
1.3. manzili.uz veb-sayti Platforma haqida umumiy ma'lumot beradi. Manzillarning to'liq ma'lumoti (aloqa raqami, joylashuvi, media, xizmat va narxlari) faqat Mini ilova ichida ochiladi.
1.4. Mini ilova Telegram ichida ishlagani sababli, unga Telegram platformasining o'z foydalanish shartlari ham taalluqlidir. Platforma Telegram xizmatining ishlashi, uzilishi yoki siyosati o'zgarishi uchun javob bermaydi.
1.5. Ushbu oferta Platforma va Foydalanuvchi o'rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
1.6. Oferta shartlari Platforma tomonidan bir tomonlama o'zgartirilishi mumkin. O'zgartirilgan oferta Mini ilovada e'lon qilingan paytdan boshlab kuchga kiradi.
2. ATAMALAR VA TUSHUNCHALAR
2.1. Platforma — "Manzili Uz" elektron xizmati (Telegram Mini ilovasi, server qismi va sayt majmui).
2.2. Foydalanuvchi — Platformada ro'yxatdan o'tgan jismoniy yoki yuridik shaxs. Foydalanuvchi quyidagi rejimlarda ishlaydi:
- Mijoz — manzillarni qidirish, ko'rish, baholash va izoh qoldirish uchun;
- Tadbirkor — o'z xizmati, do'koni yoki ob'ekti manzilini Platformaga joylovchi foydalanuvchi.
2.3. Manzil — Tadbirkor tomonidan Platformada joylangan tadbirkor, xizmat, do'kon yoki ob'ekt haqidagi ma'lumot (nomi, tasnifi, joylashuvi, aloqa ma'lumoti, ish vaqti, rasm va videolari, xizmat va tovarlari).
2.4. Hisob (akkaunt) — Foydalanuvchining shaxsiy kabineti. U telefon raqami, Telegram akkaunti va parol orqali himoyalangan.
2.5. Balans — Foydalanuvchi hisobidagi mablag'. Undan manzil xizmatlari uchun to'lov yechiladi.
2.6. Kontent — Platformada joylangan har qanday matn, rasm, video, izoh va boshqa ma'lumotlar.
3. XIZMATNING MAZMUNI
3.1. Platforma quyidagi xizmatlarni taqdim etadi:
- Manzillarni toifa va hudud bo'yicha qidirish va filtrlash;
- Xaritada joylashuvni ko'rsatish;
- Tadbirkorlar uchun manzil joylash, media yuklash, xizmat va tovarlar ro'yxatini yuritish;
- Izoh va yulduzcha baholar almashinuvi;
- Tadbirkorlar uchun manzilni pullik faollashtirish va statistika.
3.2. Mijoz uchun qidirish va ko'rish BEPUL. Tadbirkor uchun manzilni faol holatda saqlash pullik (5-bo'limga qarang).
3.3. Manzillarning batafsil ma'lumoti ataylab faqat Mini ilova ichida ochiladi va qidiruv tizimlariga to'liq holda berilmaydi. Ma'lumotni ommaviy ravishda ko'chirib olish (parsing, scraping, avtomatlashtirilgan yuklab olish) taqiqlanadi.
4. RO'YXATDAN O'TISH VA HISOB
4.1. Ro'yxatdan o'tish O'zbekiston Respublikasi operatorlarida ro'yxatdan o'tgan telefon raqami (+998) orqali amalga oshiriladi.
4.2. TELEFON RAQAM TELEGRAM ORQALI TASDIQLANADI: foydalanuvchi @manziliuzbot botga o'z raqamini ulashadi (Telegram "Kontaktni yuborish" tugmasi) yoki botga kelgan tasdiqlash kodini kiritadi. Faqat foydalanuvchining O'Z Telegram akkauntiga bog'langan raqam qabul qilinadi.
4.3. Parolni tiklash ham Telegram bot orqali yuboriladigan bir martalik kod bilan amalga oshiriladi (Profil → Sozlamalar → Xavfsizlik → Parolni tiklash).
4.4. Foydalanuvchi o'z hisobini xavfsiz saqlashga majburdir. Parol va tasdiqlash kodini uchinchi shaxsga bermaslik kerak. Telegram akkaunti begona qo'lga o'tsa, foydalanuvchi darhol Platformaga xabar berishi lozim.
4.5. Hisob orqali amalga oshirilgan har qanday harakat shu hisob egasining harakati deb hisoblanadi.
4.6. Bitta telefon raqami bilan bir nechta hisob ochish taqiqlanadi.
4.7. Taxallus (username) — Foydalanuvchi uni o'zi o'zgartirishi mumkin. Izoh yozgan foydalanuvchi uchun taxallusni 30 kunda bir marta o'zgartirish cheklovi qo'llaniladi: izohlar ostidagi nom tez-tez almashsa, kim yozgani chalkashadi.
4.8. 18 yoshga to'lmagan shaxslar Platformadan ota-onasi (qonuniy vakili) ruxsati bilan foydalanishi mumkin.
5. TO'LOV SHARTLARI VA NARX MODELI
5.1. Narx HAJM va VAQTGA bog'liq. Manzilning oylik qiymati quyidagilardan shakllanadi:
- yuklangan media hajmi (rasm va videolar, MB hisobida);
- kiritilgan ma'lumotlar soni (telefon, joylashuv, ijtimoiy tarmoq va h.k.);
- xizmat va tovar/mahsulotlar soni.
Kunlik to'lov = oylik qiymatning 1/30 qismi. Amaldagi tariflar Mini ilovadagi "To'lov qiymati" bo'limida har bir manzil uchun alohida ko'rsatiladi.
5.2. Manzilni faollashtirishning ikki usuli bor:
- OLDINDAN TO'LOV — 1, 3, 6 yoki 12 oyga. Summa balansdan darhol yechiladi;
- MUDDATSIZ (kunlik) — oldindan to'lov yo'q, har kuni tarif bo'yicha summa balansdan yechib boriladi.
5.3. Balans quyidagi to'lov tizimlari orqali to'ldiriladi: Payme (Paycom), Click, shuningdek Platformada ko'rsatilgan boshqa tizimlar. Karta ma'lumotlari Platformada saqlanmaydi — ular to'g'ridan-to'g'ri tegishli to'lov tizimida qayta ishlanadi.
5.4. BALANS YETMASA manzil avtomatik ravishda faolsiz holatga o'tadi va mijozlarga ko'rinmaydi. Balans to'ldirilgach, foydalanuvchi uni qayta faollashtiradi. Faolsiz turgan kunlar uchun to'lov yechilmaydi.
5.5. Foydalanuvchi manzilni istalgan vaqtda faolsizlantirishi mumkin. Muddatsiz rejimda kunlik yechim o'sha kundan to'xtaydi. Oldindan to'langan muddatning ishlatilmagan qismi qaytarilmaydi.
5.6. To'lovni qaytarish: xizmat Platforma tomonidagi texnik nosozlik tufayli ko'rsatilmagan bo'lsa, foydalanuvchi murojaat qilib qaytarishni talab qilishi mumkin. Murojaat Mini ilovadagi "Taklif va murojaatlar" bo'limi yoki info@manzili.uz orqali yuboriladi.
5.7. Foydalanuvchi o'zi xato qilib amalga oshirgan to'lovlar uchun qaytarish kafolatlanmaydi.
6. FOYDALANUVCHI HUQUQLARI VA MAJBURIYATLARI
6.1. Foydalanuvchi huquqlari:
- Platformadagi manzillarni bepul ko'rish va qidirish;
- Izoh qoldirish, yulduzcha baho berish (baho va izoh keyin o'zgartirilishi mumkin);
- Sevimli manzillarni saqlash;
- O'z hisobi va sozlamalarini istalgan vaqtda o'zgartirish;
- Hisobni istalgan vaqtda o'chirish.
6.2. Foydalanuvchi majburiyatlari:
- Faqat haqiqiy va to'g'ri ma'lumotlarni kiritish;
- Boshqalarning huquqlarini hurmat qilish;
- Haqorat, tahdid, yolg'on yoki noqonuniy mazmunli izohlar joylamaslik;
- Mualliflik huquqi bilan himoyalangan kontentni ruxsatsiz nashr qilmaslik;
- Platformaga zarar yetkazuvchi harakatlar (bot, spam, hujum, ma'lumotni ommaviy ko'chirish) qilmaslik;
- Tadbirkorlar bilan halol va madaniy muloqotda bo'lish.
7. TADBIRKOR HUQUQLARI VA MAJBURIYATLARI
7.1. Tadbirkor huquqlari:
- O'z manzilini Platformaga joylash;
- Manzil ma'lumotlari, media, xizmat va tovarlar ro'yxatini istalgan vaqtda yangilash;
- Mijozlarning izoh va baholarini ko'rish;
- Statistika va analitika ma'lumotlarini kuzatish;
- Manzilga boshqa foydalanuvchini admin, xodim yoki kuzatuvchi sifatida biriktirish;
- Manzilni vaqtincha faolsizlantirish yoki o'chirish;
- Manzil egaligini boshqa foydalanuvchiga o'tkazish.
7.2. Egalikni o'tkazish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
- manzil FAOL holatda egalikni o'tkazib bo'lmaydi — avval uni faolsizlantirish kerak (chunki kunlik to'lov joriy egasining balansidan yechiladi);
- o'tkazish qabul qiluvchi tomonidan tasdiqlanishi shart;
- egalik o'tgach, avvalgi egasi manzilda Admin roli bilan qoladi.
7.3. Tadbirkor majburiyatlari:
- Manzil haqidagi ma'lumot to'liq va haqiqiy bo'lishi;
- Ko'rsatilayotgan xizmat yoki tovar e'lon qilingan tavsifga muvofiq bo'lishi;
- Mijoz shikoyatlarini vijdonan ko'rib chiqish;
- O'z faoliyatida amaldagi O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga rioya qilish;
- Soliq va boshqa majburiy to'lovlarni mustaqil amalga oshirish;
- Boshqa tadbirkorlarning obro'siga zarar yetkazadigan ma'lumot tarqatmaslik;
- Boshqa shaxsga tegishli manzilni o'z nomidan joylamaslik.
8. PLATFORMA HUQUQLARI VA MAJBURIYATLARI
8.1. Platforma huquqlari:
- Ushbu ofertaga zid manzil yoki izohni o'chirish yoxud bloklash;
- Qonun yoki oferta buzilganda hisobni muddatli yoki butunlay bloklash;
- Xizmat tarkibi va narxlariga o'zgartirish kiritish (o'zgarish e'lon qilingandan keyin kuchga kiradi);
- Foydalanuvchi joylagan kontentdan Platformani targ'ib qilish maqsadida foydalanish;
- Hududlar kesimida qaysi toifalar ko'rsatilishini belgilash.
8.2. Platforma majburiyatlari:
- Xizmatning uzluksiz va xavfsiz ishlashini ta'minlashga harakat qilish;
- Foydalanuvchi shaxsiy ma'lumotlarini qonuniylik asosida himoya qilish;
- Qo'llab-quvvatlash xizmatini taqdim etish;
- Xato yoki nosozliklarni qisqa muddatda bartaraf etish;
- Balansdan yechilgan har bir summa bo'yicha tranzaksiya tarixini ko'rsatib borish.
9. SHAXSIY MA'LUMOTLAR VA MAXFIYLIK
9.1. Platforma quyidagi ma'lumotlarni yig'adi:
- Telefon raqami, taxallus, Telegram hisob identifikatori;
- Ism, familiya, tug'ilgan sana, manzil (foydalanuvchi kiritsa);
- Hudud (viloyat, tuman) va manzil joylashuv koordinatalari;
- Texnik ma'lumotlar: qurilma identifikatori, brauzer/ilova versiyasi, IP-manzil, sessiyalar;
- To'lov tranzaksiyalari tarixi (karta ma'lumotisiz).
9.2. Bu ma'lumotlar hisobni autentifikatsiya qilish, xizmatni ko'rsatish va yaxshilash, statistika hamda qonuniy talablarni bajarish uchun ishlatiladi.
9.3. Profil ma'lumotlari (ism, familiya, manzil, tug'ilgan sana) serverda SHIFRLANGAN holda saqlanadi. Parol qaytarib bo'lmaydigan hash ko'rinishida saqlanadi.
9.4. Platforma shaxsiy ma'lumotlarni uchinchi shaxslarga sotmaydi. Ular faqat quyidagi hollarda uzatiladi:
- foydalanuvchining o'z roziligi bilan;
- to'lov tizimlariga — to'lovni amalga oshirish uchun zarur hajmda;
- O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq vakolatli organlarning rasmiy talabi asosida.
9.5. Foydalanuvchi izohlarda yoki Mini ilovaning boshqa qismlarida O'zbekiston Respublikasi qonunchiligida ruxsat etilmagan so'zlardan foydalansa, Manzili.uz ma'muriyati foydalanuvchining ma'lumotlarini (telefon raqami, ismi, sessiyalari) tegishli idoralarga taqdim etishga haqlidir.
9.6. Foydalanuvchi o'z ma'lumotlarini istalgan vaqtda ko'rishi, o'zgartirishi yoki hisobini o'chirishi mumkin.
Batafsil: Maxfiylik siyosati (Profil → Sozlamalar → Maxfiylik siyosati).
10. KONTENT VA MUALLIFLIK HUQUQI
10.1. Platformadagi barcha brendlar, logotiplar, dizayn va dasturiy ta'minot "Manzili Uz" jamoasiga tegishlidir.
10.2. Foydalanuvchi joylagan kontent (rasm, video, matn) shu foydalanuvchi mas'uliyatida bo'ladi. Platforma bu kontentdan Platformani targ'ib qilish maqsadida foydalanish huquqini saqlab qoladi.
10.3. Mualliflik huquqini buzgan kontent ogohlantirishsiz o'chirilishi mumkin.
11. MAS'ULIYAT
11.1. Platforma quyidagilar uchun mas'uliyat ko'tarmaydi:
- Tadbirkor ko'rsatgan xizmat sifati, narxi yoki ma'lumotining noaniqligi;
- Foydalanuvchilar o'rtasidagi shaxsiy kelishuvlar va to'lovlar;
- Foydalanuvchi kiritgan noto'g'ri ma'lumot oqibatlari;
- Telegram xizmatining uzilishi, cheklanishi yoki qoidalari o'zgarishi;
- Fors-major holatlari (tabiiy ofat, urush, hukumat qarorlari va h.k.).
11.2. Foydalanuvchi Platformadan foydalanish chog'ida boshqa shaxslarga zarar yetkazsa, mas'uliyatni o'z zimmasiga oladi.
11.3. Platforma uzilishlarni eng kam darajaga keltirishga harakat qiladi, lekin 100% uzluksiz ishlash kafolatlanmaydi.
12. HISOBNI BLOKLASH VA O'CHIRISH
12.1. Foydalanuvchi hisobini istalgan vaqtda o'chirishi mumkin (Profil → Sozlamalar).
12.2. Platforma quyidagi hollarda hisobni ogohlantirishsiz bloklash huquqiga ega:
- Oferta shartlari yoki qonun buzilganda;
- Yolg'on yoki noqonuniy ma'lumot joylanganda;
- Boshqa foydalanuvchilarga shikast yetkazilganda;
- Spam, bot yoki ma'lumotni ommaviy ko'chirish harakatlari aniqlanganda.
12.3. Hisob o'chirilgandan keyin foydalanuvchi ma'lumotlari 30 kun ichida butunlay o'chiriladi (zaxira nusxalardan ham). Qonun talab qilgan moliyaviy hujjatlar belgilangan muddat davomida saqlanadi.
13. KELISHMOVCHILIKLARNI HAL QILISH
13.1. Foydalanuvchi va Platforma o'rtasidagi har qanday nizo dastlab muzokaralar orqali hal qilinadi.
13.2. Muzokaralar natija bermasa, nizo O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi asosida tegishli sudda ko'rib chiqiladi.
13.3. Ushbu oferta O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tuziladi va talqin qilinadi.
14. ALOQA MA'LUMOTLARI
Platforma egasi: "Manzili Uz" jamoasi
Mini ilova: @manziliuzbot
Qo'llab-quvvatlash: Mini ilovadagi "Taklif va murojaatlar" bo'limi yoki @manzilisupportbot
Elektron pochta: info@manzili.uz
Veb-sayt: https://manzili.uz
Ushbu tahrir 2026-yil 6-avgustdan boshlab kuchga kiradi.
Versiya: 2.0 (Telegram Mini ilova)