Bisnes (MCHJ) uchun

Korxona qo'llanmasi

Korporativ hisob, xodimlar va ularning ruxsatlari, umumiy statistika hamda manzillarni jamoa bilan boshqarish.

1. Boshlash

Manzili UZ — O'zbekistondagi tadbirkorlar, do'konlar va xizmat ko'rsatuvchilarning manzillari jamlangan katalog.

Ilova qayerda ochiladi

Ilova Telegram ichida ishlaydi — alohida dastur o'rnatish shart emas. Yagona rasmiy manzil:

@manziliuzbot

Boshqa botlar Manzili UZ nomidan ish ko'rsa — ular rasmiy emas. Telefon raqamingizni faqat @manziliuzbot ga ulashing.

Ro'yxatdan o'tish — 3 qadam

  1. 1

    Telefon raqamni ulashing

    Tasdiqlash Telegram orqali o'tadi — SMS kod kerak emas. Faqat O'zbekiston raqamlari (+998) qabul qilinadi.

  2. 2

    Taxallus, viloyat va tuman

    Taxallus (username) tanlaysiz, so'ng hududingizni belgilaysiz. Tuman ro'yxati tanlangan viloyatga qarab to'ldiriladi.

  3. 3

    Parol

    Kamida 6 belgi, harf va raqam aralash. Parolni takrorlaysiz — hisob tayyor.

2. Bisnes rejimi

Bisnes — yuridik shaxs (MCHJ) uchun rejim: manzillar bitta korxona hisobida turadi, ularni bir necha xodim boshqaradi va har birining ruxsati alohida beriladi. Rejim admin tasdig'i bilan ochiladi: Profil → Status so'rovi → Bisnes, so'rovda korxona INN (9 raqam) va nomi ko'rsatiladi.

Tadbirkor (YaTT) dan farqi

  Tadbirkor (YaTT) Bisnes (MCHJ)
Kirish Hammaga ochiq, so'rov shart emas Admin tasdiqlaydi
Boshqaruv Manzil egasining o'zi Xodimlar, har biriga alohida ruxsat
To'lov Karta yoki Paynet Bank hisob raqami orqali ham
Shartnoma YaTT shartnomasi MCHJ shartnomasi, yuridik ma'lumot bilan

Xodimlar va ruxsatlar

Xodim telefon raqami orqali taklif qilinadi — unga SMS boradi, u taklifni ilovada qabul qiladi. Ruxsatlar keyin ham o'zgartiriladi, xodimni chiqarish esa tasdiq bilan bo'ladi.

Ruxsat Nima ochiladi
Manzillarni ko'rish Korxona manzillari ro'yxati — o'zgartirishsiz.
Qo'shish / tahrirlash Yangi manzil qo'shish, mavjudini tahrirlash, media yuklash.
Statistika Ko'rishlar, izohlar, reyting bo'yicha hisobot.
Moliyaviy operatsiyalar Balans, to'lov va tarif bilan bog'liq amallar.

Ruxsat — korxona darajasida. U korxonaning barcha manzillariga tegishli. Bitta manzil ichidagi rollar (Egasi · Admin · Xodim · Ko'ruvchi) esa alohida ishlaydi — ikkalasi bir-birini almashtirmaydi.

Korporativ bosh sahifa

Hisob almashtirish

Bir nechta korxonada a'zo bo'lsangiz, qaysi biri nomidan ishlayotganingizni shu yerdan almashtirasiz. «(o'zim)» — shaxsiy hisobingiz.

Statistika

Jami manzillar, faollari, ko'rishlar, izohlar, o'rtacha reyting va xodimlar soni.

Sharhlar

Korxona manzillariga kelgan izohlar bir joyda — javob yozish va yashirish shu yerdan.

Shartnoma. Profil → Shartnoma bo'limida yuridik manzil, hisob raqam va direktor F.I.Sh. kiritiladi, so'ng MCHJ shartnomasi yaratiladi va PDF yuklanadi. Holati o'sha yerda ko'rinadi: Ko'rib chiqilmoqda · Tasdiqlangan · Rad etilgan.

Egalik. Manzil egaligi boshqa hisobga o'tkazilsa, u korxona hisobidan chiqadi — yakka tadbirkorga o'tgan manzil «korxona manzili» bo'lib qolmaydi.

3. Tadbirkor rejimi

O'z manzilingizni qo'shish uchun Tadbirkor rejimiga o'tasiz.

Rejimni almashtirish

Profil sahifasining yuqorisida rejim tanlagichi bor: Mijoz va Tadbirkor. Tadbirkorni bosing — ilova rangi ko'kka o'zgaradi va pastki menyu yangilanadi.

Statistika Izohlar Boshqaruv Balans Profil

Boshqaruv paneli

Umumiy manzillar soni, nechtasi faol va nechtasi nofaol ekani ko'rinadi. Pastda — Mening manzillarim ro'yxati. O'chirilgan manzillar Axlatdon bo'limida saqlanadi.

Manzil qo'shish — 7 qadam

Boshqaruv panelidagi «+» tugmasidan boshlanadi. Quyida butun oqim ketma-ket ko'rsatilgan — kadrlar o'zi almashadi.

Boshqaruv paneli va «+» tugmasi 1/7 — Asosiy ma'lumotlar 2/7 — Hudud va turi 3/7 — Aloqa ma'lumotlari Aloqa turi: telefon Aloqa turi: joylashuv Xaritada joylashuvni tanlash Aloqa turi: Telegram Aloqa ma'lumotlari ro'yxati 4/7 — Ish vaqti 5/7 — Xizmat qo'shish 6/7 — Tovar qo'shish 7/7 — Rasm va video Rasm qo'shildi, saqlash Media yuklandi Tarif tanlash Tayyor manzil sahifasi

Rasmni yonga suring · qadamlarni yuqoriga suring

    Joylashuv — aloqa turlaridan biri

    Xaritadagi nuqta alohida qadam emas: 3-qadamda «Joylashuv» turini tanlab, xaritadan belgilaysiz yoki «Joylashuvimni aniqlash» bilan o'zingiznikini olasiz. Markerni binongiz ustiga aniq qo'ying — mijozlar shu nuqta bo'yicha yo'nalish oladi.

    Tarifni tizim taklif qiladi

    Saqlagandan keyin «Tarif tanlash» ochiladi va kiritganingizga qarab mos tarif taklif qilinadi — masalan «Sizga Standart mos keladi: 3 ta rasm, 5 ta aloqa qatori, ish vaqti». Xohlasangiz boshqasini tanlaysiz.

    4. Tariflar va chegaralar

    Tarif manzilga nima sig'ishini belgilaydi: nechta rasm, video, aloqa qatori va xizmat. To'rtta tarif bor, narxi esa hududga qarab ikki xil — pastda ikkala jadval ham berilgan.

    Imkoniyat Boshlang'ich Standart Biznes Maksimal
    Rasmlar1310Cheksiz
    Videolar13Cheksiz
    Video havolalar310Cheksiz
    Media hajmi5 MB30 MB100 MB500 MB
    Aloqa qatorlari2512Cheksiz
    Xizmat va tovarlar51025Cheksiz
    Ish vaqti jadvali
    Heshteglar
    Bir nechta hudud
    Bir nechta toifa

    Narxlar — bir oy uchun

    Tarif Boshqa hududlarda Toshkent shahrida
    Boshlang'ich 1 300 so'm Boshlang'ich+ — 13 000 so'm
    Standart 6 500 so'm Standart+ — 65 000 so'm
    Biznes 13 000 so'm Biznes+ — 130 000 so'm
    Maksimal 1 300 000 so'm 1 300 000 so'm

    «+» tariflari — o'sha tariflarning Toshkent shahri uchun nusxasi: chegaralari bir xil (yuqoridagi jadval), faqat narxi boshqa. Ilovada barcha tariflarni ko'rasiz, har birining ostida qaysi hudud uchun ekani yozilgan bo'ladi — sizga yopiq bo'lganini tanlab bo'lmaydi.

    Tarif hududga bog'liq

    Qaysi tarifni tanlay olishingizni manzilning asosiy hududi belgilaydi. Toshkent shahridagi manzilga «+» tariflari ochiq, qolgan hududlardagiga — asosiy nusxalari. Maksimal esa hamma joyda ochiq va bir xil narxda.

    Aniq narxni ilovada tarif tanlash sahifasida ko'rasiz — u sizning hududingiz bo'yicha ko'rsatiladi.

    Tarifni almashtirish

    Tarifni istalgan vaqtda o'zgartirasiz. Yuqoriroq tarifga o'tsangiz farq muzlatiladi, pastroq tarifga o'tsangiz ortiqcha pul balansga qaytadi.

    Maksimal tarifi hamma hududda bir xil narxda va bir nechta hududda bir vaqtda ko'rinishga ruxsat beradi.

    5. Manzil hayoti va axlatdon

    Faollashtirish — bir oy

    Har faollashtirish bir oyga beriladi, muddat tanlanmaydi. Muddat kelasi oyning aynan o'sha sanasida tugaydi: 1-avgustda faollashtirsangiz — 1-sentabrgacha. Muddat tugaganda balansda pul bo'lsa manzil o'zi uzaytiriladi, bo'lmasa nofaol bo'ladi.

    Faol manzilni ham tahrirlash mumkin

    Tahrirlash uchun faolsizlantirish shart emas — tarif chegarasiga sig'sa bo'ldi. Chegaradan oshsangiz, tizim buni tushunarli aytadi va mos tarifni taklif qiladi.

    Faolsizlantirish

    Manzil katalogdan vaqtincha tushadi, ma'lumotlari saqlanadi. Muzlatilgan pulning qolgan qismi shu payt balansga qaytadi.

    Axlatdon — o'chirilgan manzillar

    Manzil butunlay o'chirilmaydi — u axlatdonga tushadi.

    • • Axlatdonda 90 kun saqlanadi — istalgan vaqtda tiklaysiz
    • • 90 kundan keyin arxivga o'tadi va ro'yxatda ko'rinmay qoladi
    • Faol manzilni o'chirib bo'lmaydi — avval faolsizlantiring (muzlatilgan pul o'sha yerda qaytariladi)

    6. Reklama

    Manzilingizni hududingizdagi Reklama bo'limida ko'rsatishingiz mumkin.

    7

    kun

    30 000 so'm

    15

    kun

    55 000 so'm

    30

    kun

    100 000 so'm

    • Reklama balansdan to'lanadi va to'lov o'tgan zahoti ishlay boshlaydi.

    • Bitta manzilda bir vaqtning o'zida bitta faol reklama bo'ladi.

    • Muddatidan oldin to'xtatsangiz, qaytarish formulasi bo'yicha qolgan kunlar puli balansga qaytadi.

    • To'xtatishdan oldin qancha pul qaytishini oldindan ko'rasiz.

    7. Xodimlar, rollar va egalik

    Manzilni yolg'iz emas, jamoa bilan boshqarish mumkin.

    Rol Nima qila oladi
    Egasi To'liq huquq. Faqat bitta bo'ladi. Egalikni boshqasiga o'tkaza oladi.
    Admin To'lov, tahrirlash, faollashtirish va bekor qilish. Manzilni o'chira olmaydi va egalikni ola olmaydi.
    Xodim Cheklangan tahrirlash — rasm va ma'lumot qo'shish. To'lovga aralashmaydi.
    Ko'ruvchi Faqat ko'rish va statistika.

    Egalikni o'tkazish

    Egalik ikki tomonlama tasdiq bilan o'tadi — kimdir sizga manzilni zo'rlik bilan «yopishtira» olmaydi.

    1. Egasi qabul qiluvchining telefon raqamini kiritib taklif yuboradi.
    2. Qabul qiluvchiga bildirishnoma boradi — u qabul qiladi yoki rad etadi.
    3. Qabul qilinsa egalik o'tadi; eski egasi Admin bo'lib qoladi.
    4. Taklif 7 kun ichida javobsiz qolsa — o'zi bekor bo'ladi.

    8. Maqomlar: Tadbirkor, Bisnes, Hamkor

    Tadbirkor

    Yakka tartibdagi tadbirkor (YaTT). Rejim hamma uchun ochiq — so'rov yozish shart emas.

    Bisnes

    Yuridik shaxs (MCHJ). Ko'p xodimli boshqaruv va shartnoma imkoniyati. Admin tasdiqlaydi.

    Hamkor

    Tizim bo'ylab hamkorlik: manzil jalb qilib, xizmat haqidan ulush olasiz. Admin tasdiqlaydi.

    Maqom so'rovini Profil bo'limidan yuborasiz. Javob bildirishnoma orqali keladi. Tasdiqlangach ilovada yangi bo'limlar ochiladi.

    9. Profil va xavfsizlik

    Shaxsiy ma'lumotlar

    Ism, familiya, tug'ilgan sana, manzil. Shifrlangan holda saqlanadi.

    Tanlanganlar

    Saqlagan manzillaringiz ro'yxati.

    Ko'rishlar tarixi

    Oxirgi ochgan manzillaringiz.

    Sozlamalar

    Xavfsizlik (parol, telefon), sessiyalar, rang rejimi va bildirishnomalar.

    Kelgan transferlar

    Sizga taklif qilingan manzil egaliklari — qabul qilasiz yoki rad etasiz.

    Ommaviy oferta

    Xizmatdan foydalanish shartlari.

    Taklif va murojaat

    Savol, taklif yoki shikoyatni shu yerdan yuborasiz.

    Xavfsizlik

    Parol va telefon raqamni o'zgartirish

    Sozlamalar → Xavfsizlik bo'limida. Telefon almashtirishda tasdiqlash talab qilinadi.

    Sessiyalar

    Hisobingizga kirilgan barcha qurilmalar ro'yxati — qurilma nomi, kirish vaqti va IP bilan. Notanish qurilmani ko'rsangiz, sessiyani darhol yoping — o'sha qurilmadagi kirish shu zahoti bekor bo'ladi.

    Har bir sessiya qurilmaga bog'langan. Kimdir tokeningizni o'g'irlab boshqa qurilmadan ishlatmoqchi bo'lsa — kirish rad etiladi.

    Telefon ham, Telegram ham yo'qolsa — hisobni tiklash

    Eski SIM ham, eski Telegram akkaunt ham qolmagan bo'lsa, hisob ko'chirilmaydi — eski hisobning telefon raqami almashtiriladi. Balans, to'lov tarixi, manzillar va reyting o'z joyida qoladi.

    1. Yangi raqamda oddiy tartibda ro'yxatdan o'tasiz.
    2. Profil → Hisobni tiklash: eski raqam va dalillarni yuborasiz.
    3. 72 soat kutish davri — eski egaga ogohlantirish boradi va u bir bosishda bekor qila oladi.
    4. Admin dalillarni tekshiradi (to'lov tarixi, manzil aloqa raqami) va tasdiqlaydi.
    5. Tasdiqlangach barcha eski sessiyalar bekor qilinadi.

    Tiklashdan keyin 14 kun davomida pul chiqarish va manzil egaligini o'tkazish bloklanadi — manzil qo'shish va boshqarish esa to'liq ochiq.

    10. Balans va to'lov

    Manzil uchun to'lov balansdan yechiladi. Avval balansni to'ldirasiz.

    Balansni to'ldirish

    Profil → Balans bo'limidan. Mavjud usullar:

    Paynet — qadam-baqadam ↓ Payme Click Hamkorbank Telegram to'lovlari

    Ba'zi usullar hali sinov bosqichida bo'lishi mumkin — u holda ular ro'yxatda ko'rinmaydi. Barcha to'lovlar Profil → Balans → tarix bo'limida qoladi.

    Muzlatilgan pul (rezerv) — nima uchun kerak

    Manzilni faollashtirganingizda tarif summasi balansingizda muzlatiladi — yechib olinmaydi, lekin boshqa narsaga ishlatib bo'lmaydi.

    Xizmat haqi shu muzlatilgan puldan olinadi — har kuni emas, bir marta: manzilni nofaol qilganingizda yoki muddat tugaganda. Balansingizda «Balans: 50 000 (30 000 muzlatilgan)» ko'rinishida chiqadi.

    Manzilni muddat tugashidan oldin faolsizlantirsangiz — qolgan muzlatilgan pul balansga qaytadi.

    1000 ta ko'rishgacha bepul

    Yangi manzil bepul bosqichda ishlaydi: 1000 ta noyob ko'rishgacha pul umuman yechilmaydi. Chegara to'lgach to'lov boshlanadi.

    Bepul bosqichda ham tarif summasi muzlatiladi — chegara to'lgan zahoti to'lov uzilmasin.

    Xizmat haqi — bir marta

    Haq har kuni emas, bir marta olinadi: manzilni nofaol qilganingizda yoki muddat tugaganda. To'liq oy ishlagan bo'lsa aynan oylik tarif, erta to'xtatsangiz — faqat ishlagan kunlaringiz uchun.

    Muddat tugaganda balansda pul bo'lsa manzil avtomatik uzaytiriladi; pul yetmasa nofaol bo'ladi va sizga xabar keladi.

    Pul qaytarish formulasi

    Manzil ham, reklama ham bir xil qoida bo'yicha hisoblanadi:

    qolgan  = tugash sanasi − bugun

    pul     = narx × qolgan / muddat

    Ya'ni ishlatilmagan kunlar puli qaytariladi. Muddat tugagan bo'lsa qaytariladigan pul bo'lmaydi.

    11. Paynet orqali balansni to'ldirish

    Paynet'da onlayn to'lov havolasi yo'q — siz Paynet ilovasida yoki terminalda ManziliUz xizmatini topib, o'z ID raqamingizni kiritasiz. Quyida oltita qadam ketma-ket ko'rsatilgan.

    Avval ID raqamingizni oling

    Manzili ilovasida Profil → Balans bo'limini oching — yuqorida ID : #1234 ko'rinishida turadi, yonidagi tugma bilan nusxa olasiz. Paynet'dagi «ID raqam» maydoniga aynan shu raqam yoziladi.

    Telefon raqamingizni kiritsangiz ham topiladi, lekin ID ishonchliroq — raqam almashsa ham o'zgarmaydi.

    Paynet: To'lov bo'limi Paynet: ManziliUz xizmatini qidirish Paynet: ID raqamni kiritish Paynet: karta va summa Paynet: to'lovni tasdiqlash Paynet: to'lov tafsilotlari

    Rasmni yonga suring · qadamlarni yuqoriga suring

      To'lovdan oldin tekshiring

      Tasdiqlash ekranidagi «Ma'lumotlarni ko'rish» tugmasi taxallus va telefon raqamni ko'rsatadi — o'zingizniki ekaniga ishonch hosil qiling. Xato ID kiritilsa pul boshqa hisobga tushadi.

      Pul qachon tushadi

      To'lov tasdiqlangach balans darhol to'ladi. Kechiksa, Manzili ilovasidagi Profil → Balans → tarix bo'limini tekshiring; yozuv ko'rinmasa chek raqami bilan murojaat qiling.

      12. Maxfiylik va ma'lumot

      Ma'lumot faqat ilovada

      Manzilning to'liq ma'lumoti — telefon, aniq joylashuv, butun media — faqat ilovada ko'rinadi. Internetdagi ochiq sahifada faqat nom, toifa va hudud ko'rsatiladi. Bu ma'lumotlaringizni ommaviy yig'ib olishdan himoya qiladi.

      Shaxsiy ma'lumotlar shifrlanadi

      Ism, familiya, tug'ilgan sana va manzil kabi ma'lumotlar shifrlangan holda saqlanadi — har foydalanuvchi uchun alohida kalit bilan.

      Telefon raqam berkitiladi

      Raqamingiz tizimdan tashqariga chiqadigan joylarda maskalanadi — masalan to'lov ilovasida +998 ** *** 5080 ko'rinishida.

      13. Ko'p beriladigan savollar

      Manzilim qidiruvda topilmayapti — nima qilay?

      Ketma-ket tekshiring:

      1. Hudud tugmasi — qidirayotgan hududingiz to'g'rimi?

      2. Manzil faolmi? Boshqaruv panelida holati ko'rinadi.

      3. Balans yetarlimi? Pul tugasa manzil nofaol bo'ladi.

      4. Manzil ko'rikdan o'tganmi?

      Balansdagi pulim nega «muzlatilgan»?

      Bu — faol manzilingiz uchun ajratib qo'yilgan tarif summasi. U yo'qolmaydi: xizmat haqi undan bir marta olinadi (nofaol qilganingizda yoki muddat tugaganda), qolgani esa balansga qaytadi. Batafsil — Balans va to'lov bo'limida.

      Manzilni o'chirib yubordim, qaytarib bo'ladimi?

      Ha. O'chirilgan manzil 90 kun davomida Axlatdonda turadi — Boshqaruv → Axlatdon bo'limidan tiklaysiz.

      Yangi manzil uchun darrov pul to'lashim kerakmi?

      Yo'q. 1000 ta ko'rishgacha bepul — bu bosqichda pul umuman yechilmaydi. Chegara to'lgach to'lov o'sha kundan boshlanadi, oy boshidan emas.

      Salbiy izohni o'chira olamanmi?

      Izoh o'chirilmaydi — faqat yashiriladi, oyiga 10 tagacha. Qoidabuzarlik bo'lsa Profil → Taklif va murojaatlar orqali xabar bering.

      Telefonim o'zgardi, hisobim yo'qoladimi?

      Yo'q. Eski raqamga kira olsangiz — Sozlamalar → Xavfsizlik → telefon raqamni o'zgartirish. Kira olmasangiz — hisobni tiklash orqali. Balans va manzillar saqlanadi.

      Bir manzilni bir nechta hududda ko'rsatsa bo'ladimi?

      Ha — Biznes (Toshkent shahrida Biznes+) va Maksimal tariflarida. Maksimal tarifi bundan tashqari bir nechta toifada ko'rinishga ham ruxsat beradi.

      Hisobimga notanish qurilma kirgan bo'lsa?

      Profil → Sozlamalar → Sessiyalar bo'limidan o'sha sessiyani yoping — kirish darhol bekor bo'ladi. So'ng parolni o'zgartiring.

      14. Atamalar lug'ati

      ManzilKatalogdagi bitta yozuv — do'kon, kafe, ustaxona yoki xizmat ko'rsatuvchi.
      Toifa / SektorManzillar guruhi. Sektor — katta yo'nalish, toifa — uning ichidagi turkum.
      TarifManzilga nima sig'ishini va oylik narxni belgilaydigan reja.
      RezervFaol manzil uchun balansda muzlatilgan pul.
      Bepul bosqichYangi manzilning dastlabki 1000 ta ko'rishi — pul yechilmaydi.
      AxlatdonO'chirilgan manzillar 90 kun saqlanadigan joy.
      TadbirkorYakka tartibdagi tadbirkor (YaTT).
      BisnesYuridik shaxs (MCHJ) — ko'p xodimli boshqaruv.
      HamkorTizim bo'ylab hamkor — jalb qilgan manzilidan ulush oladi.
      XodimBitta manzil ichidagi cheklangan huquqli foydalanuvchi.

      Savolingizga javob topmadingizmi?

      Ilovadagi Profil → Taklif va murojaatlar orqali yozing — yoki to'g'ridan-to'g'ri bog'laning.